2.3. Algoritmning asosiy xossalari

Algoritmlar ijrochi va uning muhitiga bog‘liq tarzda tuzilganligi hamda ko‘rsatmalar ketma-ketligining chekliligi mavjudligi tuzilayotgan algoritm uchun alohida talablarni qo‘yadi. Bu talablarni algoritmning asosiy xossalarini ifodalashda ko‘rsatib o‘tish mumkin.

Ko‘rsatmalarning mazmuni, kelib chiqishi tartibi, qo‘llanilish muhiti va olinadigan natijalarga qarab algoritmlar quyidagi xossalarga ega:

  • Tushunarlilik. Algoritmning tushunarlilik xossasi algoritm tuzuvchisi maqsadga yetishishga qaratilgan ketma-ketliklarni shunday ifodalash kerakki, ijrochi o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib yechimni aniqlasin. Agar tuzilgan algoritmni ijrochi tushunmasa qo’yilgan maqsaddan chetlashish holati yuzaga kelishi yoki ijrochi birortayam amalni bajarmasligi mumkin. Demak, berilayotgan har qanday ko’rsatma ijrochining ko‘rsatmalar tizimidan olinishi, ya‘ni ijrochi uni qanday bajarishni bilishi kerak. Masalan, mahsulotlarni yuklash robotiga o‘zining funksiyalaridan tashqari bo‘lgan biror vazifaviy ko‘rsatmani berib bo‘lmaydi.

  • Aniqlik. Ushbu xossa algoritm va uning ijrochisi o‘rtasidagi muloqotning ma‘noliligini ifodalaydi. Tuzilayotgan algoritm bir ma‘noli va aniq mazmunda ifodalangan bo‘lishi zarur. Tuzilayotgan algoritmda boshlang‘ich kattaliklar to‘liq ko‘rsatilmasa, ijrochi ko’zlanayotgan yechimning qiymatini chiqara olmaydi. Masalan, elektr isitgichda qizdirishni jadallashtirish maqsadida ozroq quvvatni oshir deb buyruq berilsa, ijrochining bajarishida noaniqlik yuzaga keladi. Agar shu holatda quvvatni ikki marotaba oshir yoki yana 250W qo‘sh deb ko‘rsatma berilsa ijroda mazmun paydo bo‘ladi.

  • Uzluklilik (diskretlilik, alohidalik). Algoritmda masalalar yechimini ifodalash jarayoni alohida olingan sodda ko‘rsatmalar ketma-ketligini qadamma-qadam bajarishdan iborat bo‘lishi kerak. Har qanday ko‘rsatmalar ham algoritm bo‘la olmaydi. Masalan, “Texnologik liniyani ishga tushirishdan oldin liniyani tekshiring” talabnomasi uzluksiz xarakterga ega bo‘lganligi uchun algoritm bo‘la olmaydi. Algoritmda har bir bajariladigan ko’rsatma qismi algoritmn qadami hisoblanadi.

  • Natijaviylik. Har bir tuzilayotgan algoritm qo‘yiladigan amallar sonidan qat’iy nazar cheklangan miqdordagi qadamlardan keyin natija berishi shart. Agar ko‘rib o’tiladigan jarayon cheksiz davom etib natija bermasa uni algoritm deb bo‘lmaydi. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, algoritm avvaldan ko‘zlangan maqsadga yetishishga olib kelmasligi mumkin. Bunga ba‘zi hollarda algoritmning xato tuzilganligi yoki istisnolar sabab bo’lgan bo‘lishi mumkin. Boshqa tomondan aytganda esa, masalaning yechimi ijobiy ko‘rsatkich chiqarmasiligi mumkin. Lekin bu natija salbiy bo‘lsa ham natija deb qabul qilinadi.

  • Ommaviylik. Masalaning yechimi oddiy hisoblash orqali aniqlanganida berilgan boshlang‘ich qiymatlar orqali faqat shu qiymatlar orqali ishlaydi. Masalan, o’tgan mavzuda ko‘rib o’tgan rezervuarning hajmini hisoblash masalasiga kelsak, unda dastlabki geometrik konstruktiv ma’lumotlar bor edi. Jismning hajmi shu ma‘lumotlar uchun ishladi. Tuzilgan ketma-ketlik esa xususiy holda qoldi. Masalalarni kompyuterda yechishda, ayniqsa, masala uchun yechish algoritmini tuzishda umumiy holat olinishi zarur. Agar xususiy holat uchun olinsa, algoritmdan foydalanish doirasi umumiy holat olinganidan bir necha barobar kamayadi. Yuqoridagi misolning algoritmida silindrning balandligi, radius va konusning balandligi boshlang’ich o‘zgaruvchilari sifatida olinadi. Ushbu o‘zgaruvchilarning qiymatlarini har bir foydalanuvchi natija chiqarish bosqichida kiritib tahlil qilishi mumkin. Algoritmning ommaviyligi – mos sinfning barcha obyektlarini qo‘llash mumkinligidir. Rezervuar masalasini yechish algoritmini keltiramiz:

  • Silindr balandligini kirit

  • Konus balandligini kirit

  • Radiusni kirit

  • Silindr hajmini hisobla

  • Konus hajmini hisobla

  • Umumiy hajmni hisobla

Demak ko‘rinib turibdiki, misolda balandlik, radiusning qiymatlari umumiy yoritildi. Bu esa ommaviylik xossasiga mosdir.

Last updated