2.1. Algoritm tushunchasi
Algoritm keng maʼnoda faqat kompyuterga oid atama boʻlmay, balki unda berilgan koʻrsatmalarni bajara oluvchi har qanday narsaga oiddir. Agar algoritm ishlab chiqilgan bo’lsa, uni yеchilayotgan masala bilan tanish bo’lmagan biron bir ijrochiga, shu jumladan kompyutеrga ham bajarish uchun topshirsa bo’ladi va u algoritmning qoidalariga aniq rioya qilib masalani yеchadi.
Algoritm so’zi va tushunchasi IX asrda yashab ijod etgan Muhammad al-Xorazmiy nomi bilan uzviy bog’liq bo’lib, uning arifmetikaga bag’ishlangan “Al jabr va al muqobala” nomli asarining dastlabki betidagi “Dixit Algoritmi” (“Dediki Al-Xorazmiy”ning lotincha ifodasi) degan jumlalardan kelib chiqgan. O’sha vaqtda Al- Xorazmiy tomonidan algoritm deb atalgan o‘nlik sanoq tizimidagi oddiy arifmetik amallarni bajarish qoidalari tushuntirilgan.
Algoritm deb biror maqsadga erishishga yo‘naltirilgan, ijrochining bajarishi uchun mo‘ljallangan buyruq ko‘rsatmalarining aniq ko‘rsatilgan chekli ketma-ketligiga aytiladi.
Algoritm tufayli yaratilayotgan bilimlar ustida fikrlanib, foydalanuvchiga yetkazilib beriladi. Qandaydir masalani yechishni o‘ylab topib, yechimni shunday tasvirlash kerakki, ushbu ifodalanishga qarab boshqalar ham tushunishi va ishlata olishi kerak. Shuning uchun ham algoritmlarni tuzishda va realizatsiya qilishda ba’zi talablar bor.
Algoritm tuzuvchisi tomonidan yechimga borish yo‘li aniq yoritilib berilmasa, ushbu ko‘rsatmalar ketma-ketligi algoritm bo‘la olmaydi. Bunday holatda ijrochi ko‘rsatmalar ketma-ketligini bajarish mobaynida noaniqliklarga duch keladi va ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Algoritmning bajaruvchisi ijrochi deb nomlanib, u inson yoki biror hisoblash qurilmasi (kompyuter) bo‘lishi mumkin.
Algoritmning ijrochisi – algoritmda ifodalangan ko‘rsatmalar ketma-ketligini bajaruvchi tizimdir.
Algoritmlar ijrochining imkoniyatlariga qarab tuziladi. Ijrochi algoritm tuzuvchisi tomonidan tuzilgan ko‘rsatmalar ketma-ketligini tushuna olishi, o‘qiy olishi hamda ijrochida bu borada yetarli bilim bo‘lishi zarur. Masalan, ijtimoiy yoki tibbiyot sohasi mutaxassisiga “texnologik jarayonlarni mantiqiy boshqarish tizimiga texnik va dasturiy xizmat ko’rsat” deb ko‘rsatma berish mantiqan noto‘g‘ri hisoblanadi. Agar ijrochi texnik vosita bo‘lsa ijrochi ko‘rsatmalar ketma-ketligi yoki sistemasi tanlangan texnik vositaning imkoniyatiga qarab tushunarli tilda yozilishi shart.
Last updated