1.1. Muammoning qo‘yilishi.
Zamonaviy dunyoda hech bir ish kichik bo’lsada muammosiz hal bo’lmaydigandek tuyuladi. Muammolarni hal qila olish qobiliyati kishidagi vaqt va boshqa qayta topilmas narsalarni tejab qolishga yordam beradi. Hayotdagi barcha muammolarni bir xil vaqtda yoki bir xil usulda hal qilishning imkoni mavjud emas. Qaysidir muammo ko’proq e’tibor va kamroq vaqt talab qilgan holda hal etilsa, boshqalarida aksincha – e’tiborsiz harakat asosida bo’lsa ham ko’proq vaqt davomida sabr qilish talab etiladi. Demak, umumiy holda aytish mumkinki, muammo bu – yechim talab qiladigan noaniq masala. Barcha muammolarning ikkita o‘xshash jihatlari mavjud: maqsad va to‘siq. Maqsad borligi uchun va unga intilganligimiz tufayli har doim muammolar yuzaga chiqaveradi. Maqsadni to‘sish mumkin bo‘lgan barcha masalalar muammo hisoblanadi. To‘siq esa har qanday maqsadga erishish jarayonida paydo bo‘ladigan holatdir.
Muammoni yechishda muammo tahlili, yechim yo‘llari va yechim topish bosqichlari bosib o‘tiladi. Masalan, aytaylik siz “Muhandislar uchun dasturlash asoslari” kursi asosida algoritmlash va dasturlashning boshlang‘ich va umumiy kursini o‘rganmoqchisiz. Bu yerda maqsadingiz o‘zlashtirish, bilim olish, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish hisoblanadi. Ushbu maqsadga erishish uchun o‘quv kurslarini chuqurroq hamda o‘zingizga tanqidiy, masalaga esa tahliliy yondashishingiz kerak bo‘ladi.
Muhandislik masalalarinining yechimlarini aniqlash bosqichlarini ham yaxlit muammo yechish bosqichlari kabi hal qilish mumkin. Qo‘yilayotgan masala oddiy bo‘lsa, uni yechish vaqt va malaka talab etmasligi mumkin. Ammo yechim topilishi zarur bo‘lgan masalalar murakkab bo‘lganida insonga yordamchi vositalar zarur bo‘ladi. Yordamchi vositalar sifatida turli hisoblash qurilmalari (kalkulyator, kompyuter) ishlatiladi. Agar muhandislik hisoblarida kompyuterlardan foydalanmoqchi bo‘lsak, yechim topish uchun qanday bosqichlarni bosib o‘tishimiz kerak degan savollar yuzaga kelishi tabiiydir.
Last updated