3.1. Dastur tushunchasi

Kompyuter va boshqa hisoblash mashinalari, zamonaviy til bilan aytganda gadjetlar ishlashi uchun, ya’ni ular “yashashi” uchun ularda maxsus dasturlar bo’lishi shart. Ushbu dasturlar kompyuter va boshqa hisoblash qurilmalarini ishlashga, ma’lumotlarni qabul qilishga, qayta ishlashga, saqlashga va ularni chiqarishga majbur etadi. Bir so’z bilan aytganda dasturlar kompyuterlar va boshqa gadjetlarning “yuragi” hisoblanadi. Dasturlar yordamida inson matnli xujjatlar, murakkab hisoblash amallari, katta hajmdagi ma’lumotlarni saqlash, qayta ishlash va shu kabi amallarni bajaradi.

Kompyuterdagi mavjud barcha dasturlar “dasturiy ta’minot” deb yuritiladi. Dasturiy ta’minotdan samarali foydalanish uchun qayta ishlanishi kerak bo’lgan ma’lumotlarni bir tizimga solish va ularni qayta ishlash algortimlarini to’g’ri tanlay bilish kerak. Bundan tashqari foydalanuvchi har bir dasturning imkoniyatlarini, qachon qaysi dasturdan foydalanish kerakligini bilishi kerak.

Dastur - bu berilgan algoritmga asoslangan biror bir algoritmik tilda yozilgan ko‘rsatmalar, ya’ni buyruqlar yoki operatorlar to‘plamidir.

Dasturlash - esa bu dastur tuzish jarayoni bo‘lib, u quyidagi bosqichlardan iborat bo’ladi:

1. Dasturga bo‘lgan talablarni aniqlash;

2. Qo‘yilgan masala algoritmini tanlash yoki ishlab chiqish;

3. Dastur kodlarini (matnlari, buyruqlarni) yozish;

4. Dasturni to‘g‘rilash va tekshirish.

Last updated